O‘zbekiston Prezidentining 15 martdagi qarori bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga (TATU) Muhammad al-Xorazmiy nomi berildi.

Al-Xorazmiy zamonaviy matematika, trigonometriya, geografiya fanlari rivojiga ulkan hissasini qo‘shgan. O‘rta asrlar boshlanishi davrida Sharqda amalga oshirilgan ko‘plab kashfiyotlar uning nomi bilan bog‘liq.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab TATUda Muhammad al-Xorazmiy nomini abadiylashtirish va uning bebaho merosini keng o‘rganishga bag‘ishlangan qator tadbirlar amalga oshiriladi. Respublika va xalqaro darajadagi ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish, TATUning iqtidorli talabalari uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya joriy etish va boshqalar shular jumlasidan.

Mamlakat OTMlari o‘rtasida dasturiy mahsulotlar, matematik modellashtirish, algoritmizatsiya, kriptologiya, kompyuter va dasturiy injiniring, telekommunikatsiyalar, televizion texnologiyalar va axborot xavfsizligi bo‘yicha zamonaviy o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqish kabi AKT sohasidagi tanlov va olimpiadalarni o‘tkazish rejalashtirilgan.

Dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualar yaratish markazini universitet qoshidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markaz etib qayta tashkil etish belgilangan. TATU talabalarini jalb etgan holda O‘zbekiston iqtisodiyotining yetakchi sohalari va sektorlarining real talablari hisobga olinib ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni tayyorlash markazning asosiy vazifasi etib belgilandi.

TATU huzurida universitet uchun o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va chop etish, xorijiy adabiyotlarni xarid qilish, al-Xorazmiy stipendiyasi hamda «Muhammad al-Xorazmiy avlodlari» jurnalini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va boshqa bir qator harajatlarni qoplash bo‘yicha Ilmiy-innovatsion rivojlanish jamg‘armasi tashkil etiladi. Uyali aloqa kompaniyalarining abonent raqamlaridan foydalanganlik uchun to‘lovlarining 1 foizi miqdoridagi mablag‘lari va boshqa tushumlar mazkur jamg‘armaning moliyaviy asosini tashkil etadi.

16.03.2017     12151